AMALIY KEYSLAR

1
Hissiy nazorat va to'xtash usuli

Quyidagi vaziyatni tasavvur qiling: o'quvchi dars paytida to'satdan shovqin ko'tarib, sinfdoshlarini chalg'ita boshladi. O'qituvchi jahli chiqib, keskin tanbeh berishi mumkin. Biroq ongli yondashuv avvalo o'z his-tuyg'ularini anglashga, misol uchun, "Men g'azablanyapman" deb, to'xtab turishga imkon beradi.

"To'xtash-pauza" usulidan foydalanib, o'qituvchi o'z reaksiyasi vaziyatni yanada yomonlashtirishi mumkinligini tushunadi. Avtomatik javob o'rniga u yanada samaraliroq yechimni tanlaydi: o'quvchiga xotirjam va aniq tarzda qoidalarga rioya qilish nima uchun muhimligini va buning butun sinfga qanday ta'sir qilishini tushuntiradi.

2
Savollarni qabul qilish va ishonchni mustahkamlash

Dars paytida o'quvchilardan biri o'qituvchiga ahmoqona yoki javobni talab qilmaydigan savolni beradi. O'qituvchining tabiiy reaksiyalaridan biri jahl bilan yoki e'tiborsizlik bilan javob berish bo'lishi mumkin.

Ammo o'qituvchi bolaning har qanday qiziqishi muhimligini anglasa, jahl o'rniga to'xtab, o'z fikrlarini kuzatab va har tamonlama o'ylangan javob berishi ham mumkin. Bu o'quvchi va o'qituvchi o'rtasidagi ishonchni mustahkamlaydi va savollar uchun ochiq muhit yaratishga yordam beradi.

3
Shaxsiy tajriba va onglilik texnikalari

O'ylab ko'ring: pedagogik tajribangizda qaysi vaziyat sizda hissiy zo'riqishni keltirib chiqaradi? Bu tez-tez uchraydigan holat bo'lishi mumkin - masalan, o'quvchilarning doimiy kechikishi yoki bir marta sodir bo'lgan, ammo kuchli taassurot qoldirgan voqea.

Endi tasavvur qiling: siz boshqacha munosabat bildirish uchun onglilik texnikalaridan birini (nafas olish, to'xtash yoki kuzatish) qanday qo'llashingiz mumkin?

4
Onglilik, hissiy muhit, hissiy hozirlik

Keling, misollarda ko'rib chiqaylik:

A) Uchala unsur ham mavjud bo'lmagan yoki zaif ifodalangan misol.

7-sinfda tarix darsini tasavvur qiling. O'qituvchi sinfga kirib keladi, bir vaqtning o'zida yozuvlarini varaqlaydi va telefonini tekshiradi. U hamkasblari bilan oldingi uchrashuvdan g'azablangan, lekin buni ham anglamaydi - "avtopilot" rejimida harakat qilmoqda.

U darsni zerikarli va qiziqishsiz tarzda boshlaydi, o'quvchilarga qaramaydi, tez va to'xtamasdan gapiradi. Agar kimdir savol bermoqchi bo'lsa, o'qituvchi sabrsizlik bilan uning gapini bo'ladi: "Hozir savol berish vaqti emas!"

Ongsizligi tufayli o'qituvchi o'quvchilarning yarmi allaqachon e'tiborini yo'qotganini - kimdir daftarga chizayotganini, kimdir yonidagi bilan sekin gaplashayotganini sezmaydi ham. Sinfdagi hissiy muhit keskinlashadi va begonalashadi: bolalar o'qituvchining ularga e'tibori yo'qligini, ularning fikrlari ahamiyatsiz ekanligini his qilishadi.

Bunday vaziyatda hissiy ishtirok butunlay yo'q - o'qituvchining xayoli boshqa joyda. O'quvchilar buni sezadilar va o'zlari ham bo'layotgan voqealarga qiziqishni yo'qotadilar. Natijada dars sovuq, yopiq muhitda o'tadi: hech kim hech narsa so'ramaydi, hamma faqat qo'ng'iroqni kutadi.

B) Uchala unsur ham mavjud bo'lgan va bir-birini qo'llab-quvvatlaydigan misol.

Endi 9-sinfda biologiya darsini tasavvur qilaylik. O'qituvchi tabassum va xotirjamlik bilan sinfga kiradi va darsni savol bilan boshlaydi: "Maktabga kelayotganingizda qanday o'simliklarni ko'rdingiz? Keling, kuzatishlarimiz haqida gaplashamiz." Bu savol darhol qiziqish uyg'otadi va bir nechta o'quvchi o'z javoblarini aytadi.

O'qituvchi har bir bolani diqqat bilan tinglaydi, qayta so'raydi, aniqlashtiradi - u bolalar bilan to'liq "shu yerda va hozir" bo'ladi. Bu hissiy mavjudlikdir.

O'qituvchining bunday ongli va e'tiborli yondashuvi tufayli iliq va samimiy hissiy muhit yaratiladi. O'quvchilar o'z fikrlari muhimligini his qiladilar, o'zlarini xavfsiz sezadilar va materialni muhokama qilishga tayyor bo'ladilar.

Shu bilan birga, o'qituvchi o'zining his-tuyg'ulari va ichki reaksiyalarini anglaydi: bir o'quvchi tortinchoqlik bilan noaniq taxminini aytganda, u muloyimlik bilan: "Ajoyib savol, keling, birgalikda o'rganamiz!", deb qo'llab-quvvatlaydi. Bu onglilik va o'z his-tuyg'ularini boshqara olish qobiliyatining namoyon bo'lishidir.

Natijada sinfda qiziqish va o'zaro hurmat muhiti hukm suradi. Bolalar faol ravishda savollar berishadi, o'qituvchi esa o'z navbatida ishdan qoniqish va quvonch his qiladi.

Enhanced Full Screen Button