AMALIY KEYSLAR

"Internetda haqorat qilish hazil emas"

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri ekspert-psixolog ayolning Instagram ijtimoiy tarmog'idagi shaxsiy sahifasiga joylashtirilgan videosi ostiga shaxsini kamsituvchi haqoratli izoh qoldirgan. Sharhlovchi uni omma oldida qo'pol tarzda kamsitgan. Jabrlanuvchi huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan va haqorat yuzasidan jinoyat ishi qo'zg'atilgan. Tergov jarayonida sharhlovchi anonim akkaunt orqali izoh qoldirganiga qaramay, uni aynan kim yozgani IP-manzil va boshqa raqamli izlar orqali aniqlandi. Sudda ayblanuvchi shaxs omma oldida jabrlangan ekspertdan kechirim so'radi. Sud ayblanuvchini bosma yoki boshqa shaklda, shu jumladan OAV va internetda haqorat qilish moddasi bo'yicha aybdor deb topdi. Unga ish haqining 10 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda bir yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

O'quvchilar bilan muhokama:

Nega inson real hayotda yo'l qo'ymaydigan haqoratli xatti-harakatlarga internetda yo'l qo'yishi mumkin?

(Anonimlik va "jazosizlik hissi" hodisasini muhokama qilish.)

Internetdagi "oddiy hazil" boshqa odamni haqorat qilsa, qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?

(Jabrlanuvchilarning his-tuyg'ulari, javobgarlik va huquqiy oqibatlar haqida suhbat.)

Internetdagi haqoratdan keyin uzr so'rashni yetarli deb hisoblash mumkinmi? Nima uchun "ha" yoki "yo'q"?

(Uzr so'rashning qadr-qimmati va oqibatlarning ahamiyatini muhokama qilish.)

Internetda haqorat yoki bulling qurboni bo'lgan odamga nima qilishni maslahat bergan bo'lardingiz?

(Yordam so'rash va o'z huquqlarini anglash madaniyatini shakllantirish.)

Hurmatli pedagoglar!

Muhokama paytida jabrlanuvchini ayblash - jabrlanuvchini u bilan sodir bo'lgan voqealarda ayblashga yo'l qo'ymang.

Viktim-bleyming (victim blaming)

- bu huquqbuzarlik uchun javobgarlik qisman yoki to'liq jabrlanuvchiga yuklanadigan hodisa. Onlayn haqorat kontekstida bu o'quvchilarning quyidagi kabi luqmalarida namoyon bo'lishi mumkin:

  • "Shaxsiy hayotini ko'z-ko'z qilgani uchun o'zi aybdor"
  • "Buni aytishning hojati yo'q edi"
  • "Bunday videolarni joylanshtirishdan oldin o'zi o'ylashi kerak edi"
  • "U shunchaki shov-shuv ko'tarishni xohladi"

Ayniqsa, maktab sharoitida bunday gaplarga mutlaqo yo'l qo'yib bo'lmaydi va ularni darhol, xotirjam, ammo aniq to'xtatish kerak. Ular nafaqat bolalarda hurmatga bo'lgan huquq to'g'risida noto'g'ri tasavvurni shakllantiradi, balki biz ta'lim muhitida yaratmoqchi bo'lgan hamdardlik, adolat va xavfsizlik madaniyatiga ham putur yetkazadi.

Keyslarni muhokama qilish uchun maslahatlar

Neytral ifodadan foydalaning: "Sinfda yoki onlayn makonda bunday holatlar sodir bo'lmasligi uchun nima qilishimiz mumkin?"
Jabrlanuvchilarni himoya qilayotganlarni qo'llab-quvvatlang: hurmatni himoya qilayotgan o'quvchilarni maqtang.
Maktab - bu tahqirlashning har qanday shakliga, shu jumladan onlayn shakliga ham yo'l qo'yib bo'lmaydigan xavfsiz makon ekanligini ta'kidlang.