Bugun siz bilan zamonaviy ta'limdagi eng muhim mavzulardan biri mediasavodxonlik va mediaimmunitet haqida suhbatlashamiz.
Bugungi bolalar tongda uyg'oniboq telefonni qo'lga oladi, kechqurun esa u bilan uxlaydi. Har daqiqa, har soniya ularning oldida turli videolar, postlar, yangiliklar, blogerlar, reklama va hatto sun'iy intellekt yaratgan kontentlar paydo bo'ladi. Bu jarayonni to'xtatib bo'lmaydi.
Shuning uchun biz o'quvchilarni faqat axborotni iste'mol qilishga emas, balki uni tahlil qilish, baholash va mas'uliyat bilan yondashishga o'rgatishimiz kerak. Ana shu jarayon mediasavodxonlik deb ataladi.
bu axborotni izlab topish, tahlil qilish, ishonchliligini baholash va to'g'ri ulashish qobiliyatidir. Oddiy qilib aytganda, bu -- axborot bilan ongli munosabatda bo'lish madaniyati.
📌 Birinchi misol:
Faraz qiling, Telegramda "Ertaga butun O'zbekiston maktablarida darslar bekor qilinadi" degan xabar tarqaldi. Ba'zi o'qituvchilar bu xabarni tekshirmasdan o'quvchilarga yuboradi. Oradan 10 daqiqa o'tib, bu yolg'on xabar bo'lib chiqadi.
Mediasavodxon inson bunday holatda nima qiladi? Avvalo, xabar manbasiga qaraydi. Keyin rasmiy kanallarni, masalan, Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi sahifasini tekshiradi va manba ishonchsiz bo'lsa, tarqatmaydi. Shu oddiy uch qadamning o'zi mediasavodxonlikka amaliy misol bo'lib xizmat qiladi.
📌 Ikkinchi misol:
Instagramda bir bloger "tez o'rganish siri" haqida video chiqardi, lekin u hech qanday ilmiy manbaga tayanmagan. Mediasavodxon o'qituvchi bunday videoni "haqiqat" deb qabul qilmaydi. U manbani, metodni, maqsadni tahlil qiladi. Bu ham mediasavodxonlikning real ko'rinishi deyish mumkin.
UNESCO mediasavodxonlikni uch yo'nalishda izohlaydi:
1️⃣ Axborot savodxonligi
Bu --- kerakli ma'lumotni topish, uni tanqidiy tahlil qilish. Masalan, o'quvchi internetdan "O'zbekiston tarixi" haqida ma'lumot izlayotgan bo'lsa, unga "ziyouz.uz" yoki boshqa ilmiy va rasmiy manbalarni tavsiya qilish mumkin.
2️⃣ Mediasavodxonlikning o'zi
Bu --- ommaviy axborot vositalarining qanday ishlashini tushunish. Misol uchun, reklamada "Bu dori 100 foiz sog'aytiradi!" deyilsa, biz darhol savol berishimiz kerak: "Qayerda tasdiqlangan?", "Kim aytgan?", "Dalil bormi?" Bu savollar --- tanqidiy fikrlashning belgisi.
3️⃣ Raqamli savodxonlik
Bu internetdan xavfsiz va samarali foydalanishdir. Masalan, parollarni himoya qilish, bolalar uchun xavfsiz rejimni yoqish yoki shaxsiy ma'lumotni begonalarga bermaslik.
Bu uch yo'nalish birgalikda Media va axborot savodxonligi deb ataladi. Boshqacha aytganda mediasavodxonlik bu faqat texnik ko'nikma emas, bu ijtimoiy mas'uliyat, fuqarolik madaniyati hamdir.
Hurmatli o'qituvchilar, endi mavzuning ikkinchi qismi, "mediaimmunitet" tushunchasiga o'tamiz. Organizmni viruslardan himoya qiluvchi immunitet bo'lgani kabi, mediaimmunitet inson ongini zararli axborotdan himoya qiladi.
Amaliy misol:
Masalan, o'quvchi doim shov-shuvli, salbiy videolarni ko'rsa, vaqt o'tib uning kayfiyati pasayadi, diqqat charchaydi, stress ortadi.
O'qituvchi bunday holatni oldindan sezishi kerak. Masalan, sinfda o'quvchilarga ikki xil yangilik ko'rsating: Biri shov-shuvli: "Marsda hayot topildi!", Ikkinchisi ilmiy maqola shaklida. So'rang: "Qaysi biri ishonchliroq?" O'quvchilar manbani solishtiradi, dalillarni izlaydi. Bu mediaimmunitetni rivojlantirishning eng oddiy, ammo samarali usulidir.
Bu orqali o'quvchilarda quyidagi fazilatlarni shakllantirish mumkin:
- emotsional barqarorlik;
- manipulyatsiyaga berilmaslik;
- axborot ortidagi maqsadni anglash.
Shundan kelib chiqib, mediaimmunitetni insonning axborotga ongli qarshilik ko'rsata olish qobiliyati deyish mumkin.
O'qituvchi - asosiy yo'lboshchi
Endi o'qituvchining o'quvchilarda mediasavodxonlik qobiliyatini shakllantirishdagi o'rniga to'xtalaylik. O'qituvchi esa bu jarayondagi asosiy yo'lboshchidir. Chunki o'quvchilar sizni kuzatadi, sizdan o'rnak oladi. Shuning uchun sizning har bir onlayn harakatingiz ular uchun saboq bo'lib xizmat qiladi.
📌 Amaliy misol:
Masalan, siz o'quvchilarga "O'zbekiston tarixidagi buyuk shaxslar" mavzusida video tayyorlashni topshirasiz. Ular internetdan manba qidiradi. Siz esa ularga manbani tekshirish, iqtiboslarni to'g'ri keltirish, rasm mualliflik huquqini hurmat qilishni o'rgatasiz. Bu orqali o'quvchilar axborot madaniyatini o'rganadi.
📌 Ijtimoiy tarmoqda:
Yoki siz ijtimoiy tarmoqda maktab hayotidan fotoreportaj joylashtiryapsiz.Siz o'quvchilardan ruxsat olasiz, rasm manbasini ko'rsatasiz. Bu axborot etikasining amaliy namunasidir.
Demak, o'qituvchi faqat o'quvchiga shunchaki dars beruvchi ustoz emas, balki uni axborotdan himoyalangan, mustaqil fikrlovchi shaxs sifatida shakllantiruvchi shaxsdir.