
7-"B" sinf rahbari Shahnoza Abdullayevna tomonidan kuzatilgan vaziyat oʻquvchi — 13 yoshli Dilnozaning emotsional holati va ijtimoiy xulq-atvoridagi sezilarli oʻzgarishlar bilan bogʻliq. Soʻnggi ikki oy ichida u ancha loqayd boʻlib qolgan, sinfdagi ijtimoiy faoliyatlardan oʻzini chetga tortmoqda, dars jarayonida esa tushkun va befarq kayfiyatda ishtirok etmoqda. Dilnozaning sinfdan chekinishi, befarqligi, darslarga loqayd munosabati va kayfiyatining beqarorligi, bularning barchasi ichki emotsional nomutanosiblik yoki oʻzaro munosabatlardagi muammolar belgisi sifatida qaralishi kerak.
Bunday xatti-harakatlar koʻpincha oʻsmirning ichki kechinmalari, tushkunlik yoki eʼtiborga ehtiyoji borligidan darak beradi. Balki u uyda yoki doʻstlar orasida tushunilmayotgandir. Oʻsmirlar baʼzida ogʻzaki ayta olmaydigan his-tuygʻularini aynan harakatlari orqali namoyon qilishadi. Shuning uchun Dilnozaning holatiga faqat "qoidabuzarlik" sifatida emas, balki yordam soʻrovi sifatida qarash muhim. Oʻqituvchining holatni erta sezgani — juda muhim. Endi esa bu holatga ota-onalar va psixolog bilan birgalikda yondashish, Dilnozaga yordam berish yoʻllarini izlash kerak. Muhimi — uni ayblamasdan, tushunishga harakat qilishdir
Savollar:
- 1-savol: Agar ona darrov himoyalanishga o'tib, maktabni ayblay boshlasa, siz suhbatni qanday boshlaysiz?
- 2-savol: Qarshilik uyg'otmasdan, aksincha ishonch va qiziqish uyg'otish uchun qanday so'zlarni tanlaysiz?
Savollarga oid tavsiyalar
-
Ayblov ohangidan saqlaning. Hatto ota-ona holatni inkor etsa ham, ular bilan bosim orqali emas, balki hamdardlik (empatiya) asosida aloqa o'rnatishga harakat qiling.
-
G'amxo'rlikni alohida ta'kidlang. O'qituvchi bola haqida befarq emasligini, uni "tashlab yuborayotgan" emas, balki uning holatidan xavotir olayotganini va yordam yo'lini izlayotganini ko'rsatishi zarur.
-
Mutaxassislarni suhbatga jalb eting. Maktab psixologining ishtiroki muloqotni muloyim tarzda olib borishga yordam beradi va vaziyatga chuqurroq yondashish imkonini beradi.
-
Shoshilmang. Ba'zi hollarda bitta suhbat yetarli bo'lmasligi mumkin. Biroq bu ilk va muhim qadamdir. Asosiysi — muloqotni to'xtatib qo'ymaslik.