
11-sinf o‘quvchisi Jasurning xulq-atvorida va o‘qishga munosabatida keskin o‘zgarishlar yuz berdi. Yaqin vaqtgacha u a’lo baholarga o‘qirdi, darslarda faol edi, maktab tadbirlarida qatnashardi, mas’uliyatli va tirishqoq bo‘lib ko‘rinardi. Endilikda u darslarni, ayniqsa nazorat ishlarini ko‘p o‘tkazib yubormoqda, baholari tushib ketgan.
O‘qituvchi Jasurning odatdagidan ko‘ra sokinroq, tortinchoqroq bo‘lib qolganini, darsda va tanaffusda sinfdoshlaridan chetlab yurishini sezdi. Darslarda esa savollarga javob bermaslik yoki jahl bilan munosabatda bo‘lish holatlari kuzatildi. Ilgari sezilgan qiziqish va ishtiyoq yo‘qolgandek.
Eng tashvishli holatlardan biri — Jasurning bir necha bor maktabga kelganida tamaki hidi kelgani bo‘ldi. Bu holatni nafaqat o‘qituvchilar, balki sinfdoshlari ham sezdi. Jasur esa buni inkor qilmoqda.
Bir kuni o‘qituvchi uni maktab hovlisida yolg‘iz o‘tirgan holatda ko‘rdi — boshini egib, yuzini kaftlari bilan yopib olgan edi. O‘qituvchi sekin yoniga borib, “Nima bo‘lyapti?” deb so‘raganida, Jasur jahl bilan: “Sizga nima, tinch qo‘ying meni!” deb javob berdi.
Ota-onasi bilan bog‘lanish urinishlari natija bermadi. Otasi “Hammasi joyida” deb ishonch bilan aytdi, boshqa izoh bermadi. Onasi esa “Imtihonlarga tayyorlanishdan charchagan, aralashmang” deb befarq munosabat bildirdi.
Savollar:
- 1-savol: Jasurning xulqidagi o‘zgarishlar ortida nima turgan bo‘lishi mumkin?
- 2-savol: Bu holatda qanday xavf yoki salbiy oqibatlar bo‘lishi mumkin?
- 3-savol: Agar oila e’tibor bermasa, o‘qituvchi qanday choralar ko‘rishi mumkin?
- 4-savol: Qanday qilib Jasurga zarar yetkazmasdan unga yordam berish mumkin?
- 5-savol: Qanday maktab ichki va tashqi resurslarni ishga solish mumkin?
Savollarga oid tavsiyalar
-
O‘quvchiga bosim o‘tkazmaslik, ayblov ohangidan saqlanish, balki u bilan doimiy, sokin aloqa o‘rnatish lozim. “Men bor-man, xohlasang suhbatlashamiz” degan ishora berib turish kerak.
-
Xulq-atvordagi o‘zgarishlarni ehtiyotkorlik bilan kuzatib borish, bu ma’lumotlar kerak bo‘lsa psixolog yoki boshqa mutaxassislarga murojaat qilishda qo‘l keladi.
-
Balki Jasur boshqa bir ustoz yoki maktabdagi katta yoshli kimgadir ishonch bildirar. Ana shu inson orqali muloyim aloqani yo‘lga qo‘yish mumkin.
-
Katta akasi, sport murabbiyi, sinf rahbari yoki boshqa ishonchli shaxs orqali ehtiyotkor muloqot tashkil qilish foyda berishi mumkin.
-
Barcha sinflarda stress, o‘sish davri, imtihon bosimi haqida sinf soatlari o‘tkazish mumkin. Bunda Jasurni alohida ajratib ko‘rsatmaslik kerak.
-
“Meni tinch qo‘ying” degan so‘zlariga qaramay, uni yolg‘izlikda qoldirmaslik zarur. Ichki iztiroblar bilan yolg‘iz qolgan o‘quvchi yordamga muhtojdir.