Oqıw-metodikalıq iskerlikke tiyisli atamalar sózligi
- Oʻqituvchi uchun metodik qoʻllanma
darslikdagi har bir mavzuni samarali oʻqitish metodikasi, qoʻshimcha sinov topshiriqlari va oʻqituvchining darsni qiziqarli tashkil etishiga oid boshqa metodik koʻrsatmalar berilgan, har bir darsning maqsadi, darsda foydalaniladigan vositalar va ulardan foydalanish usullari, darsning mazmuni, amaliy mashgʻulotlar, qoʻshimcha topshiriqlar va boshqalar haqida metodik koʻrsatmalar aniq bayon qilingan kitob shaklidagi oʻquv nashri
- Oʻqituvchilarning elektron metodik platformasi
taʼlim berish va taʼlim olish jarayonini qoʻllab-quvvatlash va yanada yaxshilashga moʻljallangan, oʻqituvchilar tomonidan taʼlim jarayonida foydalaniladigan raqamli resurslarni oʻz ichiga olgan, samarali oʻqitish metodikasini amaliyotda qoʻllash va oʻqituvchilar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan, oʻqituvchilar uchun oʻquv materiallari, manbalari va amaliy topshiriqlarni yaratish, tartibga solishga qaratilgan markazlashtirilgan elektron joy vazifasini bajaradigan raqamli yoki onlayn axborot tizimi
- Oʻquv dasturi
taʼlim tashkilotlari oʻquv rejasiga kiritilgan fanlar va amaliyotlarning mazmuni, oʻqitishning maqbul usullari va tavsiya etilgan axborot manbalarini koʻrsatuvchi normativ hujjat
- Oʻquv fani
taʼlim muasasalarida belgilangan oʻquv reja va dastur asosida oʻqitiladigan, muayyan sohadagi bilim, koʻnikma va malakalarni shakllantirishga qaratilgan oʻquv tarkibiy qismi
- Oʻquv qoʻllanma
darslikni qisman toʻldiruvchi, muayyan fan dasturi boʻyicha tuzilgan va mavzularni zaruriy hajmda tizimli yoritib beradigan, fan asoslarining mukammal oʻzlashtirilishini taʼminlovchi, mazmunan va shaklan taʼlim turlariga (oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi, oliy taʼlim (bakalavriat, magistratura)) moslashtirilgan, nazariy yoki amaliy mashq va mashgʻulotlarga moʻljallangan, oʻquvchi va talabalarda fanga taalluqli bilim, koʻnikma va malakalar shakllanishiga xizmat qiladigan, rasmiy tasdiqlanadigan oʻquv nashridir
- Oʻquv reja
taʼlim muassasalarida oʻqitiladigan fan va modullar, ularning oʻqitilish tartibi hamda haftalik va yillik soat hajmini belgilab beradigan rasmiy pedagogik hujjat
- Oʻquv-metodik majmua (OʻMM)
muayyan fan yoki fan boʻyicha samarali oʻqitish va bilimlarni nazorat qilish uchun moʻljallangan oʻquv-uslubiy materiallar majmuidir. Oʻquv-metodik majmualar odatda oʻquv rejalari, dasturlari, darslik, mashq daftari, oʻqituvchilar uchun metodik qoʻllanma va oʻquv jarayonini tashkil etish uchun zarur boʻlgan boshqa materiallarni oʻz ichiga oladi.
- Oʻquv-metodik qoʻllanma
oʻquv-metodik majmuani qisman toʻldiruvchi, muayyan yoʻnalish dasturi boʻyicha tuzilgan va mavzularni zaruriy hajmda tizimli yoritib beradigan, yoʻnalish asoslarining mukammal oʻzlashtirilishini taʼminlovchi, mazmunan va shaklan taʼlim turlariga moslashtirilgan, nazariy yoki amaliy mashgʻulotlarga moʻljallangan, tinglovchi, pedagog va tarbiyalanuvchilarga taalluqli bilim, koʻnikma va malakalar shakllanishiga xizmat qiladigan bosma yoki elektron nashr