PISA (Programme for International Student Assessment) bu 15 yoshli o‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy fanlardan shuningdek, qo‘shimcha 1 ta innovatsion yo‘nalishdan savodxonliklarini baholashga qaratilgan dunyodagi eng yirik ta’lim tadqiqotdir. Ushbu tadqiqot dunyo bo‘ylab har 3 yilda o‘tkaziladi, ammo 2025-yilgi davriylikdan so‘ng tadqiqot har 4 yilda 1 marotabda o‘tkazilishi belgilangan.
PIRLS (Progress in International Reading Literacy Study) to‘rtinchi sinf o‘quvchilarining matnni o‘qib tushunish savodxonliklarini baholovchi xalqaro tadqiqotdir. Ushbu tadqiqot har 5 yilda bir marotaba o‘tkaziladi.
TIMSS (Trends in International Mathematics and Science Study) to‘rtinchi va sakkizinchi sinf o‘quvchilarining matematika va tabiiy fanlardan o‘zlashtirish darajasini baholovchi tadqiqoti bo‘lib, u har 4 yilda bir marotaba o‘tkaziladi.
TALIS (Teaching and Learning International Survey) o‘qituvchilarning o‘qitish usullari, ish sharoitlari va malaka oshirishga oid fikrlarini o‘rganishga qaratilgan xalqaro tadqiqot bo‘lib, u har 5 yilda bir marotaba o‘tkaziladi.
PISA, PIRLS, TIMSS va TALIS tadqiqotlari o‘ziga xos maqsad va yondashuvlari bilan farqlanadi. Quyida ushbu tadqiqotlarni solishtiruvchi 5 ta asosiy misol keltirilgan:
1. Baholash obyekti.
- PISA: 15 yoshli o‘quvchilarni o‘qish, matematika va tabiiy fanlardagi amaliy ko‘nikmalarini tekshiradi.
- TALIS: O‘qituvchilarning dars o‘tish uslublari, ish sharoitlari va malaka oshirishlari haqida ma'lumot to‘playdi.
- PIRLS: To‘rtinchi sinf o‘quvchilarining o‘qish savodxonligini baholaydi.
- TIMSS: To‘rtinchi va sakkizinchi sinf o‘quvchilarining matematika va tabiiy fanlardagi yutuqlarini o‘lchaydi.
2. Maqsadli auditoriya
- PISA: O‘quvchilar ishtirok etadi.
- TALIS: Faqat o‘qituvchilar va maktab rahbarlari ishtirok etadi.
- PIRLS va TIMSS: Maktab, o‘quvchilar, o‘qituvchilar va ota-onalarni o‘z ichiga oladi.
3. Baholash mazmuni
- PISA: Amaliy ko‘nikmalar va kundalik hayotdagi muammolarni hal qilishga qaratilgan.
- TALIS: Ta’lim sifatiga ta'sir ko‘rsatadigan omillarni o‘rganadi (masalan, o‘qitish metodlari va malaka oshirish imkoniyatlari).
- PIRLS va TIMSS: Fan va darslik asosidagi bilimlarni baholaydi, milliy o‘quv dasturlariga ko‘proq e’tibor qaratadi.
4. Baholash usuli va format
- PISA: Asosan kompyuter orqali o'tkaziladi va o‘quvchilar real hayotdagi vaziyatlarni yechishga qaratilgan savollarga javob beradi.
- TALIS: So‘rovnoma shaklida amalga oshiriladi (o‘qituvchilar va rahbarlar uchun).
- PIRLS va TIMSS: Savollar odatda qog‘oz yoki kompyuter formatida bo‘lib, fan bo‘yicha aniq bilimlarni sinovdan o‘tkazadi
5. Qamrab olinadigan yosh guruhlari
- PISA: 15 yoshdagi o‘quvchilar.
- TALIS: O‘qituvchi va direktorlar yoshiga qaramasdan.
- PIRLS: Taxminan 9-10 yoshli (to‘rtinchi sinf) o‘quvchilarni.
- TIMSS: To‘rtinchi va sakkizinchi sinf o‘quvchilarini.
O‘zbekiston xalqaro baholash dasturlarida 2018-yilgi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan ishtirok etishni boshlagan bo‘lib, hozirga qadar PIRLS 2021, PISA 2022, TIMSS 2023 va TALIS 2024 tadqiqotlarida tarixda ilk marotaba qatnashgan. Shuningdek, PISA 2025 va PIRLS 2026 tadqiqotlarida ishtirok etish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.