Portal test rejimida işlamoqda!

Öquv-metodik faoliyatga oid atamalar luğati

Oʻqituvchilarning elektron metodik platformasi

taʼlim berish va taʼlim olish jarayonini qoʻllab-quvvatlash va yanada yaxshilashga moʻljallangan, oʻqituvchilar tomonidan taʼlim jarayonida foydalaniladigan raqamli resurslarni oʻz ichiga olgan, samarali oʻqitish metodikasini amaliyotda qoʻllash va oʻqituvchilar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan, oʻqituvchilar uchun oʻquv materiallari, manbalari va amaliy topshiriqlarni yaratish, tartibga solishga qaratilgan markazlashtirilgan elektron joy vazifasini bajaradigan raqamli yoki onlayn axborot tizimi

Oʻquv dasturi

taʼlim tashkilotlari oʻquv rejasiga kiritilgan fanlar va amaliyotlarning mazmuni,  oʻqitishning maqbul usullari va tavsiya etilgan axborot manbalarini koʻrsatuvchi normativ hujjat

Oʻquv fani

taʼlim muasasalarida belgilangan oʻquv reja va dastur asosida oʻqitiladigan, muayyan sohadagi bilim, koʻnikma va malakalarni shakllantirishga qaratilgan oʻquv tarkibiy qismi

Oʻquv qoʻllanma

darslikni qisman toʻldiruvchi, muayyan fan dasturi boʻyicha tuzilgan va mavzularni zaruriy hajmda tizimli yoritib beradigan, fan asoslarining mukammal oʻzlashtirilishini taʼminlovchi, mazmunan va shaklan taʼlim turlariga (oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi, oliy taʼlim (bakalavriat, magistratura)) moslashtirilgan, nazariy yoki amaliy mashq va mashgʻulotlarga moʻljallangan, oʻquvchi va talabalarda fanga taalluqli bilim, koʻnikma va malakalar shakllanishiga xizmat qiladigan, rasmiy tasdiqlanadigan oʻquv nashridir

Oʻquv reja

taʼlim muassasalarida oʻqitiladigan fan va modullar, ularning oʻqitilish tartibi hamda haftalik va yillik soat hajmini belgilab beradigan rasmiy pedagogik hujjat

Oʻquv-metodik majmua (OʻMM)

muayyan fan yoki fan boʻyicha samarali oʻqitish va bilimlarni nazorat qilish uchun moʻljallangan oʻquv-uslubiy materiallar majmuidir. Oʻquv-metodik majmualar odatda oʻquv rejalari, dasturlari, darslik, mashq daftari, oʻqituvchilar uchun metodik qoʻllanma va oʻquv jarayonini tashkil etish uchun zarur boʻlgan boshqa materiallarni oʻz ichiga oladi.

Oʻquv-metodik qoʻllanma

oʻquv-metodik majmuani qisman toʻldiruvchi, muayyan yoʻnalish dasturi boʻyicha tuzilgan va mavzularni zaruriy hajmda tizimli yoritib beradigan, yoʻnalish asoslarining mukammal oʻzlashtirilishini taʼminlovchi, mazmunan va shaklan taʼlim turlariga moslashtirilgan, nazariy yoki amaliy mashgʻulotlarga moʻljallangan, tinglovchi, pedagog va tarbiyalanuvchilarga taalluqli bilim, koʻnikma va malakalar shakllanishiga xizmat qiladigan bosma yoki elektron nashr