Page 10 - PISA 2025 - Raqamli dunyoda o‘rganish
P. 10
PISA HAQIDA UMUMIY TUSHUNCHA
PISA (Xalqaro o‘quvchilar baholash dasturi) – bu Iqtisodiy Hamkorlik va
Taraqqiyot Tashkiloti (OECD) tomonidan har uch yilda bir marta o‘tkaziladigan
xalqaro baholash dasturi hisoblanadi. U dunyo mamlakatlaridagi 15 yoshli
o‘quvchilarning ta’lim sifati va ularning hayotiy ko‘nikmalarga ega ekanligini
baholashga qaratilgan. PISA o‘quvchilarning faqatgina darslikdagi bilimlarini
emas, balki ularning real hayotda bilimlarini qanday qo‘llay olish qobiliyatini
o‘lchaydi. Dastur quyidagi uchta asosiy yo‘nalishda baholash olib boradi:
O‘qish savodxonligi (Reading Literacy) — matnlarni tushunish, tahlil
qilish va ulardan foydalana olish ko‘nikmalari;
Matematik savodxonligi (Mathematical Literacy) — matematik
tushunchalarni kundalik hayotda qo‘llash qobiliyati;
Tabiiy-ilmiy savodxonlik (Scientific Literacy) — ilmiy bilimlarni
tushunish va ularni atrof-muhit bilan bog‘lay olish.
PISA testlari an’anaviy yodlab olishga emas, balki tahlil qilish, muammolarni
hal qilish va tanqidiy fikrlash qobiliyatlarini baholashga qaratilgan. Unda ta’lim
oluvchilar interfaol vazifalar va matnlar asosida savollarga javob berishlari
kerak. PISA natijalari har bir mamlakatning o‘rta ta’lim sifati va o‘quvchilarining
amaliy bilim darajasi xalqaro maydonda qanchalik raqobatbardosh ekanini
ko‘rsatib beradi.
Qisqacha tarixiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, dastur 1997-yilda tashkil
etilgan bo‘lib, birinchi PISA tadqiqoti 2000-yilda o‘tkazilgan. Dastlabki PISA
tadqiqotlarida 32 ta davlat ishtirok etgan. 2000-yilgi sinov natijalari 2001-yilda
e’lon qilinib, PISA xalqaro ta’lim hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otadi. Shundan
so‘ng xalqaro baholashlar har uch yilda muntazam davom ettirilib, har galgi
sinovda ishtirokchi davlatlar soni ortib bordi. 2003, 2006, 2009, 2012, 2015,
2018 va 2022 yillarda o‘tkazilgan navbatdagi PISA sikllari orqali dastur global
miqyosda kengayib, ko‘plab yangi davlatlar qo‘shildi. Masalan, 2018-yilga kelib
dasturda 79 ta mamlakat va iqtisodiyot vakillari qatnashgan bo‘lsa, 2022-yilgi
baholashda 81 ta ishtirokchilar qatnashgan.
8 | PISA 2025 — Raqamli dunyoda o‘rganish