R A Q A M L I
T A L I M

Raqamli ta’limning izohli lug‘ati

Elektron darslik

AKTga asoslangan DTS, malaka talablari, uslubiyati va didaktik talablari asosida, milliy gʻoya va maʼnaviy qadriyatlarimiz singdirilgan, muayyan oʻquv fanining mavzulari toʻliq yoritilgan, tegishli bilimlarni mukammal oʻzlashtirilishiga qaratilgan elektron material.

Elektron dayjest

Ilmiy, ilmiy-uslubiy, oʻquv, davriy adabiyotlar, hukumat va turli tashkilotlar faoliyatiga tegishli qonunlar, farmonlar, qarorlar hamda boshqa meʼyoriy-huquqiy hujjatlar mazmunining qisqacha bayoni va sharhi keltirilgan, sohalarga oid maʼlumotlar toʻplami sifatida foydalaniladigan raqamli resurs.

Elektron lugʻat

Muayyan tilda, uning hududiy yoki ijtimoiy lahjasida (shevasida) mavjud boʻlgan soʻzlar yigʻindisi, leksika, soʻzlar (yoki morfemlar, soʻz birikmalari, iboralar va boshqalar), muayyan tartibda (alifboli) joylashtirilgan, tavsiflanuvchi birliklar, ularning kelib chiqishi, maʼnolari, yozilishi, talaffuzi, uslubiy mansubligini aks ettiruvchi, boshqa tillarga tarjima qilishga moʻljallangan maxsus elektron axborot manbai.

Elektron maʼlumotlar toʻplami

Axborot texnologiyalarning imkoniyati va vositalari asosida yaratilgan, statik va dinamik rejimda tuzilgan, tovush va rangli tasvirlar bilan taʼminlangan, katta hajmdagi axborotlarni oʻz ichiga qamrab olgan va ularni turli koʻrinishda (jadval, diagramma, matn, rasm va hokazo) bera oladigan, oʻquv jarayonida taʼlim oluvchilar tomonidan oʻz ustida mustaqil ishlashi va oʻz bilimlarini nazorat qilishi uchun qoʻllaniladigan, doimiy ravishda toʻldirib boriladigan, keng doirada foydalanishga moʻljallangan elektron maʼlumotlar toʻplami.

Elektron maʼruza

Interfaol elementlar va giperuzatishlarni qoʻllab, oʻquv fani maʼruza materialini namoyish qiluvchi multimedia tizimi

Elektron monografiya

Ilmiy tadqiqotlar natijalari asosida yaratilgan, bir yoki bir necha bir-biri bilan bogʻliq boʻlgan mavzularni chuqur oʻrganishga bagʻishlangan va ilmiy ish sifatida yakunlangan raqamli resurs.

Elektron oʻquv adabiyoti

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) asosida maʼlumotlarni jamlash, tasvirlash, yangilash, saqlash, bilimlarni interfaol va vizual usulda taqdim etish hamda tahlil qilish imkoniyatlariga ega boʻlgan o‘quv manbasi.

Elektron oʻquv qoʻllanma

Darslikni qisman toʻldiruvchi, muayyan fan dasturi boʻyicha tuzilgan va fan asoslarining chuqur oʻzlashtirilishini taʼminlovchi, ayrim bob va boʻlimlarni keng tarzda yoritishga yoki amaliy mashq hamda mashgʻulotlar yechimiga moʻljallangan raqamli resurs.

Elektron oʻquv-uslubiy qoʻllanma

Oʻqituvchilar (professor-oʻqituvchilar) va taʼlim oluvchilar uchun moʻljallangan boʻlib, unda bir darsning maqsadi, vazifalari, dars oʻtish vositalari va ulardan foydalanish usullari, darsning mazmuni, amaliy mashgʻulotlar, qoʻshimcha topshiriqlar va boshqa maʼlumotlar haqida tavsiflar bayon qilinadigan raqamli resurs.

Elektron taʼlim (e-learning)

Taʼlim faoliyatida maʼlumotlar bazasini qoʻllash va oʻquv dasturlarini amalga oshirishda axborot texnologiyalari, texnik vositalar, axborot-kommunikativ tarmoqlar yordamida qayta ishlanishini, shuningdek uning aloqa liniyalari boʻylab uzatilishini taʼminlashga qaratilgan axborotdan foydalanish bilan farqlanadigan taʼlim faoliyatini tashkil qilish turi.